Farg‘ona politexnika institutida “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash: ilm va innovatsiya” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi


Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida tub islohotlar, tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Sohada bozor munosabatlarini joriy etish, qayta ishlash va eksport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha juda ko‘p ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Fermer va dehqonlarning daromadini oshirish maqsadida yangicha tizim joriy qilinib, ko‘plab dolzarb masalalar hal qilib berildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida innovasion texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar, ayniqsa, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini keng joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zamonaviy hamda innovasion texnoligiyalarni joriy etishda, albatta ilm-fanga ehtiyoj yuqori bo‘ladi.

Joriy yilning 25-26-aprel kuni Farg‘ona politexnika institutida “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash: ilm va innovatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Yirik amaliy anjumanda o‘zbekistonlik olimlardan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlardan kelgan taniqli olim va ekspertlar ishtirok etishdi.

Dastlab,institut birinchi prorektori Sherzod Dehkanov xalqaro ilmiy anjumanni kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, so‘nggi yillarda yurtimizda qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga investisiyalarni, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish tobora rivojlanib borayotganini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, anjumanda Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Abdushukur Abdullayev ishtirokchilarni qutlab, anjuman ishlariga rivoj tiladi.
Konferensiya doirasida “Qishloq xo‘jalik texnikalarida innovasion texnologiyalar, materialshunoslik va quyma detallari”, “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashda resurstejamkor texnologiyalari va innovatsion masalalari”, “Oziq-ovqat va agrotexnologiyalar tarmog‘i mashinalarda dizayn va innovatsion texnologiyalari”, “Qishloq xo‘jalik mashina va mexanizmlarini loyihalash, mexatronika va robototexnika”, “Transport, avtomobilsozlik, mashinasozlik va qishloq xo‘jaligi texnikalarida metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirishning o‘rni”, “Mahsulot sifati menejmenti, servis xizmat ko‘rsatish, iqtisodiy va boshqaruv muamolari”, “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashda texnologik jarayonlarni matematik modellashtirish va avtomatlashtirish”, “Texnika fanlari ta’limida innovatsion yondashuvlar, muamolar va yechimlari” mavzulari bo‘yicha muammoli masalalar muhokama qilindi.

Bugungi anjumanda xorijiy mamlakatlardan soha mutaxassislari ham Zoom platformasi orqali onlay ishtirok etishdi. Anjumanda bir vaqtning o‘zida sessiyalardagi muhokamalar, shuningdek, yoshlarni jalb qilgan holda, keng auditoriya uchun ochiq panel sessiyalari o‘tkazildi.

Foydali havolalar

Farg'ona Politexnika Instituti