Rektor murojaati

06-11-2021

Farg'ona politexnika instituti rektori

Salomov O'ktam Rahimovich

 

 

Farg’ona politexnika institutida ta’lim olayotgan talaba-yoshlar va ta’lim olish istagida bo’lgan abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga institut rektori Salomov O‘ktam Rahimovichning

MUROJAATI

     Yangi O‘zbekiston qisqa davr ichida ilg‘or davlatlar safiga qo‘shilishni strategik maqsad sifatida belgilagan. Shu maqsadda salohiyatli, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash zamirida fundamental tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar zarur.

     Bu boradagi islohotlar mamlakatimizda kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini modernizatsiya qilish, innovason texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga jadal tatbiq etishda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, 2023-yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilishining o‘ziyoq bu yo‘ldagi qat’iyat va shijoatimizni yana bir bor namoyon etdi. Farg‘ona politexnika instituti — muhandislik sir-asrorlarini o‘rgatishga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi. Ammo, insoniyat zimmasidagi aksariyat og‘ir yumushlar robotlarga yuklanayotgan, o‘ta mas’uliyatli vazifalarning bir qismi sun’iy intellekt ixtiyoriga ishonib topshirilayotgan bugungi globallashuv davrida an’anaviy ta’lim yondashuvlari bilan peshqadamlikka erishib bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, institut mas’ullari xalqaro talablarga mos raqobatdosh kadrlar tayyorlash uchun ilg‘or va zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishga kirishishgan.

     Shu maqsadda institutimizda ulkan yutuqlarga erishilmoqda-ki, “InnoWeek-2023” innovasion haftalik doirasida oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlarning 2022-yildagi faoliyati natijalariga ko‘ra milliy reytingi e’lon qilindi. Ushbu reyting natijalariga ko‘ra Farg‘ona politexnika instituti Top-5 talikdan o‘rin egalladi. Shuningdek, ta’lim muassasamiz tyexnika, texnologiya, qurilish, qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha esa 3-o‘rinda qayd etildi. Institutimiz nafaqat milliy reytingda balki, xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib, yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda. Dunyoda eng nufuzli hisoblangan QS tashkiloti Jahon universitetlari reytingi World University Rankings 2024 ni e’lon qilindi. Unda Osiyo mintaqasi bo‘yicha ham universitetlar reytingi natijalari qayd etilgan bo‘lib, oliygohimiz ushbu reytingning barcha maqsadli ko‘rsatkichlari bo‘yicha Top-1000 talikdan joy oldi hamda 801+ o‘rinda e’tirof etildi. Bu ko’rsatkich bilan institutimiz O’rta Osiya oliygohlari ichida 51 o’rinni egalladi. Ta’kidlash joizki, yurtimizdagi 14 ta oliy ta’lim muassasasi ushbu reytingda ilk bor joy oldi va ular orasida institutimiz ham borligi barchamizga faxr va iftixor tuyg‘usini bag‘ishladi. Shuningdek, 2023-yilgi Times Higher Education reyting agentligi Impact reytingi bo‘yicha barcha maqsadli ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham institutimiz e’tirof etildi.

    Bugungi kunda institutmizda yuqori malakali pedagoglar jamoasi shakllantirilgan bo‘lib, 682 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar yoshlarga zamonaviy ilm-fan sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. Ularning 32 nafari fan doktori va 213 nafari fan nomzodlaridir.

      Fan va ta’lim integratsiyasini ta’minlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida mavjud 7 ta fakultet faoliyati zamon talablariga moslashtirildi. Natijada joriy o‘quv yilida 52 ta bakalavr, 29 ta magistratura hamda 20 ta sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda.

    O‘qitish metodikasi o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham, mazmuni ham yangilanmasligi tabiiy. Bu omil institutimizda “ECTS”ga asoslangan kredit-modul tizimini joriy etish uchun asos bo‘ldi. Mazkur yangilik talabalarga o‘qishning ma’lum qismini xorijiy oliy ta’lim muassasalarida davom ettirish va ular bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash imkonini bermoqda.

     Yangidan shakllantirilgan fanlar majmuasi muhandislik bo‘yicha bilimlarni chuqur egallashga yo‘naltirilgan. Ta’lim jarayoni va darsliklarimiz xalqaro stndartlarga mos bo‘lib, ular nufuzli ta’lim tashkilotlari tomonidan tan olingan.

     Asosiysi, bu yerda mashg‘ulotlar faqat nazariya bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Qolaversa, darslarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish ham chegara emas. Biz talabalarning ilmiy tadqiqotlar olib borishini keng rag‘batlantirish yo‘lidan boryapmiz. 332 mingdan ortiq kitob fondiga ega Axborot-resurs markazimiz yoshlar ixtiyorida. 110 dan ko‘p xorijiy oliy ta’lim muassasasi va 20 ta xalqaro tashkilot bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Yana bir yutug‘imiz, xorijiy davlatlarning 3 ta universitet bilan qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilgan.

     Ayni chog‘da, AQSH, Italiya, Fransiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya, Rossiya, Latviya, Portugaliya, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning yetakchi professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislarini institutimizdagi ta’lim jarayoniga jalb etdik. Hozir ular talabalarga ilg‘or yondashuvlar asosida saboq bermoqda. O‘z navbatida, yigit-qizlarning darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida turli ilmiy va sport to‘garaklari, ma’naviy-ma’rifiy klublar faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz. Xalqaro tanlovlar va bellashuvlarda ishtirok etuvchi jamoalar ham shakllantirilgan.

     2021-yil 16-iyun kuni Prezidentimiz rahbarligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalarining har bir mutaxassislik kafedralari huzurida ilmiy tadqiqot markazlarini tashkil etib, ularning o‘ziga daromad topish uchun zarur sharoitlar yaratib berish vazifasi yuklatildi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida Farg‘ona politexnika institutida ilmiy va innovasion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan jami 17 ta markaz faoliyat boshladi. Til o‘rgatish, tayyorlov va malaka oshirish markazi, o‘quv-ishlab chiqarish kompleksi, bino va inshootlarni loyihalashtirish markazi, media-markaz, qurilish materiallari akkreditatsiya markazi, AKT inkubatsiya markazi shular jumlasidan.

     Yana bir e’tiborli jihati, ushbu markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy tajribani qo‘llagan holda 14 ta “Spin-off” korxonasi ochildi. Qay bir sohada bo‘lmasin, muvaffaqiyat uchun avvalo, imkoniyat zarur. Mustahkam baza esa birinchi galda qiziqishga, keyin intilishga va so‘nggi bosqichda natijaga sabab bo‘ladi.

    Bundan xulosa shuki, ilm-fan amaliyot bilan uyg‘unlashsagina, samara beradi. Qolaversa, ilmiy izlanish va tadqiqotlar natijalarini ommalashtirishda ham gap ko‘p. Dunyodagi ilg‘or tajribalardan nafaqat xabardor bo‘lib borish, balki ularni puxta o‘rganish ham muhim ehtiyoj. Buning uchun esa katta platforma kerak. Buning uchun institutmiz aniq strategik maqsadni belgilab, ayni shu mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyatli o‘tamoqda.