Rektor virtual
qabulxonasi

Farg'ona politexnika instituti

O'zbekiston kelajagi uchun yetuk, barkamol va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash!
10-sinf darsliklari yangicha mazmun va ko‘rinishda

Joriy yilning 2 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta’minlagan holda 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan isloh qilish choralariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan joylarda aholi, jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlar chog‘ida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga ota-onalardan bo‘layotgan murojaatlarda umumta’lim maktablarida 10–11-sinflarni tashkil etish yuzasidan ko‘plab takliflar bildirilgan. Tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillaridan tuzilgan ishchi guruh joylarda ota-onalar va o‘quvchilarning bu boradagi fikrlarini ham o‘rgandi. Unga ko‘ra, umumta’lim maktablarining 466 ming nafar 9-sinf bitiruvchisidan 352 ming nafari 10-sinfda, 114 ming nafari akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirish niyatida ekani aniqlangan. Shu asosda yurtimizdagi umumta’lim muassasalarida 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimini joriy etishga kirishildi.

Yangi o‘quv yilidan tashkil etilayotgan 10-sinflar uchun o‘quv dasturlari, darsliklar yaratish ayni paytdagi dolzarb vazifadir. Bu boradagi ishlarning borishi xususida Respublika ta’lim markazi direktorining o‘rinbosari Munojat Abralovaga bir nechta savol bilan murojaat etdik.

— Hayotiy tajribada kuzatildiki, hali dunyoqarashi to‘liq shakllanib ulgurmagan, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lmagan 9-sinf bitiruvchilarining jonajon maktabidan ajralib, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga turli hududlardan kelgan, xarakteri bir-biriga mos bo‘lmagan o‘quvchilardan iborat yangi jamoa muhitiga moslashishi biroz qiyin kechdi. Qolaversa, ularning davomatini nazorat qilish, tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ota-onalar bilan ishlash qator murakkabliklarni keltirib chiqardi. Bu holat ayrim o‘quvchilarning o‘qish, bilim olishga ishtiyoqi so‘nishiga, tarbiyasida salbiy holatlar kuzatilishiga sabab bo‘ldi, — deydi Munojat Abralova. — Shularni hisobga olgan holda, ota-onalar va o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asosan umumta’lim maktablarida 11 yillik ta’lim joriy etilmoqda.

Ayni paytda Xalq ta’limi vazirligi, hududiy xalq ta’limi boshqaruvi idoralari mutaxassislari tomonidan joylardagi ta’lim muassasalarining o‘quvchilar qamrovi bo‘yicha imkoniyatlari, moddiy-texnik bazasi, zarur mebel, inventarlar bilan jihozlangani, kadrlar bilan ta’minlanishi, darsliklarga ehtiyoji tegishli tartibda o‘rganilmoqda. Bu o‘rinda birinchi galdagi vazifa zamon talablariga mos o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish, 2017-2018 o‘quv yilidan 10-sinf o‘quvchilarini barcha umumta’lim fanlari bo‘yicha sifatli darsliklar bilan ta’minlashdan iborat.

Yangi o‘quv yiliga qadar juda qisqa vaqt qolmoqda. Hozir Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan ijodiy guruhlar tomonidan 10–11-sinflar uchun o‘quv dasturlari loyihasi ishlab chiqildi. Olimlar, metodistlar va amaliyotchi-o‘qituvchilardan iborat mualliflar guruhlari ham shakllantirildi. Bugungi kunda 10-sinf o‘quvchilari uchun jami 31 nomdagi darsliklar nashrga tayyorlanmoqda. Adabiyotlar fan yo‘nalishlariga qarab, tegishli oliy ta’lim muassasalari, hududiy malaka oshirish institutlari, tajribali o‘qituvchilar, pedagog-olimlar, metodistlardan iborat ekspert guruhlari tomonidan mazmunan va dizayn jihatdan ekspertizadan o‘tkazilib, bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar asosida mazmunan takomillashtirilmoqda.

— Qisqa muddatda darslik yaratish murakkab vazifa. Ayting-chi, o‘quv kitoblarining mazmunini, mavzularni shakllantirishda nimalarga asoslanilmoqda?

— Darslik davlat ta’lim standartlariga muvofiq didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigiyenik talablar asosida, ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlariga mos ravishda ishlab chiqilishi, o‘quv fani mukammal o‘zlashtirilishiga qaratilishi, nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy-tajriba va sinov mashqlarini qamrab olishi lozim. O‘quvchilar tasavvurini shakllantirish, mustaqil ishlashga o‘rgatishda darslik muhim manba hisoblanadi. Bugungi davr o‘quv materiallariga tadrijiy ravishda yangi bilim va ma’lumotlarni kiritib borishni taqozo etadi.

Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, 10-sinf darsliklari 9-sinf darsliklarining uzviy davomi sifatida, oddiydan murakkablik tomon takomillashgan holda, har bir bob hamda mavzularni yoritishda uzviylik, uzluksizlik tamoyiliga asoslangan holda tayyorlanmoqda. Mavzular ko‘proq amaliy bilimlarni berishga, o‘quvchilarda tayanch va fanga oid kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirildi. Mavzular qo‘shimcha ma’lumotlar, mashq¬lar, test topshiriqlari asosida keng ochib berilyapti. Masalan, 10-sinf “Fizika” darsligi kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan holda takomillashtirilgan o‘quv dasturi asosida yaratilmoqda. Mavzular kundalik hayot va amaliyot o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlashga, o‘quvchilarning egallagan bilimlarini amaliyotda qo‘llay olish layoqatini shakllantirishga yo‘naltirilgan. O‘quvchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash uchun laboratoriya ishlari tegishli mavzudan keyin berilgan. Darslikda mantiqiy fikrlashga undaydigan savollar, mustaqil ishlash uchun masalalar va amaliy topshiriqlar, o‘quvchilarda bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalar shakllanganini nazorat qilish uchun test topshiriqlari berilmoqda, qoida, formula, ta’riflar lug‘at ko‘rinishida ifodalanmoqda.

Yoki ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumta’lim maktablari uchun “O‘zbek tili” darsligini olaylik. O‘quv dasturiga ko‘ra, grammatikaga oid hamma mavzular 9-sinfgacha o‘tib bo‘linadi. 10-sinfda o‘quvchilar bilimi uslublar, matn bilan ishlash asosida boyitib boriladi. Bundan tashqari, adabiy o‘qish uchun o‘zbek adabiyoti namoyandalari hayoti haqida qisqacha ma’lumot, ular yaratgan asarlardan parchalar berilmoqda. Masalan, nutq o‘stirish mavzulariga moslab G‘afur G‘ulomning “Mening o‘g‘rigina bolam”, Oybekning “Bolalik”, O‘lmas Umarbekovning “Odam bo‘lish qiyin”, “Qizimga maktublar” asarlaridan parchalar kiritildi. Bunday yangiliklarni qolgan barcha darsliklar mazmunida ko‘rishimiz mumkin.

— Darsliklarning shakli, dizaynidagi yangiliklarga ham to‘xtalsangiz.

— Umumta’lim maktablarining 10-sinflari uchun nashr etilishi rejalashtirilgan har bir darslik texnik tafsiloti, ya’ni bichimi, hajmi, harflar kegli, qog‘ozining og‘irligi, shaffofligi, oqligi, zichligi, muqovalash usuli va hokazolar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 3 iyundagi “Ta’lim muassasalari uchun matbaa mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 146-sonli qaroriga asosan tayyorlandi. Har bir darslikning original maketi ustida o‘ndan ortiq nashriyotlar mutaxassislari va mualliflar ijodiy izlanishlar olib bormoqda. Yangilik sifatida aytish mumkinki, avvalgi darsliklar ikki xil rangda chop etilgan bo‘lsa, 10-sinf darsliklarini to‘rt xil rangda nashr etish rejalashtirilgan.

— Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan yangi davlat ta’lim standartlari talabiga ko‘ra, o‘quvchilar 9-sinfni tamomlaganda A2 (A2+) darajasida bilimga ega bo‘lishi lozim. 11 yillik tizimda bu qanday aks etadi?

— Yangi DTSga ko‘ra o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi fanlarini o‘rganishning umumiy darajasi V1 etib belgilangan. Yangi darsliklarni yaratishda ana shu darajaga asoslanilyapti.

— Yangi darsliklar o‘quvchilarga qay tartibda beriladi?

— Xalq ta’limi vazirligi tomonidan darsliklarga buyurtmalar shakllantirilmoqda. Ota-onalarga, o‘quvchilarga qulayliklar yaratish maqsadida darsliklar o‘quvchilarga o‘rnatilgan tartibda ijara tizimi asosida yetkazib beriladi.

Joriy yilning 2 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta’minlagan holda 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlarining

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali va “Jahon

-->