Rektor virtual
qabulxonasi

Farg'ona politexnika instituti

O'zbekiston kelajagi uchun yetuk, barkamol va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash!
Fakultet haqida ma’lumot

Fakul’tet 1967 yili Toshkent politexnika instituti Farg‘ona umum-texnika fakul’teti bazasida tashkil etilgan Farg‘ona politexnika institutida  mexano-energetika fakul’teti sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. Shu yili Mexano-energetika fakul’tetiga “Mashinasozlik texnologiyasi, metall qirquvchi dastgohlar” mutaxassisligi bo‘yicha birinchi marta kunduzgi bo‘limga talabalar qabul qilingan.

1968 yildan boshlab “Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarining mexanik jihozlari” va “Poligrafiya ishlab chiqarish texnologiyasi” mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi bo‘limga talabalar qabul qilindi. 1967-1969 yillarda fakul’tet Farg‘ona shahri Kirguli mavzeysi Ulug‘bek ko‘chasidagi 71- binoda joylashgan edi.

Mexano-energetika fakul’tetining birinchi dekani sifatida t.f.n. dots. Tursunov Qobiljon Tursunovich ishlagan. Bu ajoyib inson 1967 yildan 1969 yil sentyabrigacha fidoiylik bilan ishlab o‘quv yurtining tamal toshini qo‘ygan ustozlardan biri edi.

1969 yili sentyabrda mustaqil mexanika fakul’teti tashkil etilib unga t.f.n. Oxunboboyev Olimjon Qosimovich dekan etib tayinlandi. Fakul’tet o‘quv binosi qirguli mavzesidagi Farg‘ona ko‘chasi, 6 – uyga ko‘chib o‘tdi.

Dastlabki yillarda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Azot o‘g‘itlar zavodi, Quvasoy sement kombinati, Farg‘ona mexanika zavodi, Farg‘ona gaz apparatlari zavodi va boshqa korxonalarda o‘quv laboratoriyalari ishlari olib borilgan. Keyinchalik fakul’tet dekanati O. Q. Oxunboboyev, M. Xamdamov va kafedra mudirlari (B.Ya.Menadjiev, F. I. Shlegel, B. N. Fayzimatov, A. Abduraxmonov, Q. T. Tursunov, U. Qalamov, E. G‘. Raximov) hamda ko‘plab jonkuyar professor-o‘qituvchilar mehnati bilan umumkasbiy va mutaxassislik fanlaridan laboratoriyalar va o‘quv kabinetlari tashkil etilgan. Laboratoriyalar zamonoviy asbob uskunalar, qurilma, dasgoh va jihozlar bilan to‘ldirilgan.

1977 yili mexanika fakul’teti boshqa fakul’tetlar qatori yangi loyiha asosida barpo etilgan zamonaviy va qulay o‘quv xonalari, kabinetlar, laboratoriyalarga ega bo‘lgan ko‘rkam Farg‘ona ko‘chasi 86 uydagi 2-chi binoga ko‘chib o‘tdi.

Dotsent R. B. Burxonov dekan lavozimida ishlagan 1976 - 1980 yillarda o‘quv jarayonlari sifat jihatidan yaxshilash yangi o‘quv binosi auditoriyalarini tegishlicha jihozlash, takomillashtirish, yangi mutaxassisliklar ochish kabi salmoqli ishlar amalga oshirilgan.

1979 yilda mexanika fakul’teti bazasida Texnologiya fakul’teti tashkil etilib, uning tarkibiga “Yengil sanoat mashina va apparatlari” (kafedra mudiri t.f.n. dots. P.R.Fayziyev) hamda “Tikuvchilik mahsulotlari texnologiyasi” (kafedra mudiri dots. J. I. Qalandarov) kafedralari kiritilgan. Bu fakul’tetning dekani lavozimiga “Metallar texnologiyasi” kafedrasini boshqarib kelgan tajribali o‘qituvchi R. Q. Qodirov tayinlangan.

1981 yili esa Texnologiya fakul’teti Mexanika fakul’teti tarkibiga birlashtirilgan.

1980 yildan boshlab mexanika fakul’tetiga t.f.n. dotsent B.N.Fayzimatov raxbarlik qila boshlagan. Bu davrda fakul’tet institut fakul’tetlari orasida eng yuqori darajaga ko‘tarilib, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy sohalarda katta muvafaqqiyatlarga erishgan.

Fakul’tet o‘quv va ilmiy laboratoriya bazasi zamon talablariga javob beradigan asbob uskunalar, dastgohlar bilan boyitildi, o‘quv jarayonida texnik vositalar, komp’yuter texnikasidan foydalanish ko‘lami kengaydi, pedagog kadrlar tarkibi yangi ilmiy darajali mutaxassislar hisobiga boyitildi.

Fakul’tetda dekan lavozimida quyidagi olimlar ishlagan.

1967-1969 yillarda dots. Tursunov K.T.

         1969-1976 yillarda dots. Oxunboboyev O.O.

         1976-1980 yillarda dots. Burxonov R.B.

         1980-1986 yillarda dots. Fayzimatov B.N.

1986-1987 yilda dots. Gerdov V.E.

1987-1993 yillarda dots. Fayzimatov B.N.

         1993-1994 yillarda dots. Tojiyev R.J.

         1994-2001 yillarda dots. Fayzimatov B.N.

         2001-2005 yillarda dots. Mirzayev A.A.

         2005-2006 yillarda dots. Mirzaxonov Yu.U.

         2006-2008 yillarda dots. Karimov I.T.

         2008-2010 yillarda dots. Yusupov A.R.

         2010-2011 yillarda dots. Fayzimatov B.N.

         2011 dekabr oyidan boshlab fakul’tetga t.f.n. dotsent Karimov Ikromali Tojimatovich rahbarlik qilib kelmoqda.

Fakul’tet tarkibiga quyidagi kafedralar kiradi:

  1. “Mashinasozlik texnologiyasi va avtomatlashtirish” kafedrasi.
  2. “Texnologik mashina va jixozlar” kafedrasi.
  3. “Yer usti transport tizimlari va ekspluatatsiyasi” kafedrasi.
  4. “Amaliy mexanika va materiallar qarshiligi” kafedrasi
  5. “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi

5 ta bakalavriat talim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar tahsil olmoqda.

  1. 5320200 – Mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishini jihozlash va avtomatlashtirish.
  2. 5320300 – Texnologik mashinalar va jihozlar (Kimyo sanoati va qurilish materiallari korxonalarining mashina va apparatlari bo‘yicha).
  3. 5310600 – Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi (avtomobil transporti).
  4. 5140915 – Kasb ta’limi (Engil sanoat maxsulotlar texnologiyasi).
  5. 5111038 – Kasb ta’limi (Texnologik mashinalar va jihozlar).

2 ta magistratura mutaxassisligi  bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi

1. 5 A320205 – “Kimyoviy ishlab chiqarish va qurilish materiallari korxonalarining mashina va apparatlari”.

2. 5 A320201 – “Mashinasozlik texnologiyasi va jihozlari” (ishlab chiqarish bo‘yicha).

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida 1056 nafar, magistratura mutaxassisliklarida 24 nafar talaba, hammasi bo‘lib fakul’tetda 1080 nafar talaba tahsil olmoqda.

Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining takomillashtirilgan Davlat ta’lim standartlari asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalariga muvofiq  fakul’tet talabalariga 80 dan ortiq fanlar bo‘yicha bilimlar majmui beriladi. Fakul’tet talabalariga institutning 130 nafar professor-o‘qituvchisi bilim bermoqda.

O‘quv mashg‘ulotlari ilg‘or, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, innovatsion usullar, axborot kommunikatsion yutuqlar va samarali texnik vositalardan foydalangan holda tashkil etilmoqda.

Kafedralarda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish maqsadida o‘qitish tizimida fanlarning o‘quv-uslubiy majmualarini mazmunan boyitish va sifatini yaxshilash, amaliy, laboratoriya, seminar mashg‘ulotlari hamda kurs ishi, loyihalarini bajarish bo‘yicha mukammal uslubiy ko‘rsatmalar va qo‘llanmalar yaratish ishlarini muvofiqlashtirishga alohida e’tibor bermoqda.

Fakul’tet ta’lim jarayonini o‘quv-uslubiy ta’minotini yaxshilash jihatidan Toshkent Davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent avtomobil yo‘llari instituti, Belgorod  texnologiya universiteti, Sankt-Peterburg Davlat texnologiya instituti, N.E.Bauman nomidagi Moskva Davlat texnika universiteti, Krim Davlat industrial-pedagogika instituti, Ukraina Milliy Texnika Universiteti «Kiyev politexnika instituti» va Moskva avtomobil-yo‘llar instituti olimlari bilan hamkorlik qilinmoqda.

Oxirgi yillarda fakul’tet professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan 10 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalardan institutda va  kasb-hunar kollejlarida keng foydalanilmoqda.

Fakul’tet tarkibida 2013-2014 o‘quv yilida 71 ta professor-o‘qituvchi faoliyat olib bordi. Fakul’tet bo‘yicha umumiy ilmiy salohiyat – 28 % tashkil etadi. Ilmiy salohiyatni ko’tarish maqsadida “Mashinasozlik texnologiyasi va avtomatlashtirish” kafedrasida 2 nafar, “Ijtimoiy fanlar” kafedrasida 2 nafar, “Texnologik mashina va jihozlar” kafedrasida 1 nafar, “Amaliy mexanika va materiallar qarshiligi” kafedrasida 1 nafar o‘qituvchi doktorlik dissertatsiyasi himoyasi harakatida.

Fakul’tetda 3 ta ilmiy laboratoriya faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Olib borilayotgan  ilmiy tadqiqot ishlari respublikamiz va xorijiy ilmiy jurnallarida turli darajadagi ilmiy anjumanlarda o‘z aksini topmoqda. Ilmiy izlanishlarga talabalarning keng jalb etilishi yetuk va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash ishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

2013 yilning aprel oyida mexanika fakul’teti qoshida “Ishlab chiqarishdagi mashinalar va mexanik jihozlar innovatsion texnologiyalari, yutuq va vazifalar” nomli respublika ilmiy-amaliy anjumani muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Fakul’tet kafedralari viloyatda joylashgan 20 dan ortiq yirik ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish sohasida aloqalarni o‘rnatgan. Bular, “Farg‘onaazot” OAJ, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, “Quvasoysement” OAJ, “Kvars” OAJ, “Avtooyna” OAJ, Yevraziya TAPO Disk QK AJ va boshqalar. Bu korxonalarning uchtasida mutaxassis chiqaruvchi kafedralarning filiallari mavjud.

Bitiruvchilarimiz Farg‘ona vodiysidagi barcha ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlar va turli muassasalarda muvaffaqiyat bilan mehnat qilmoqdalar.

Fakul’tetda ma’naviy – ma’rifiy ishlar tasdiqlangan reja asosida, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mehyoriy hujjatlari doirasida amalga oshiriladi. Fakul’tetdagi 48 ta akademik guruxlarga malakali, tajribali va salohiyatli professor-o‘qituvchilar murabbiy etib tayinlangan.

Institutga yangi qabul qilingan talabalar uchun “Birinchi kurs maktabi” tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, talabalarni institutning ichki tartib qoidalari, “Oliy ta’lim muassasasining  odob – ahloq kodeksi” qoidalari bilan tanishtirish, talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli va foydali o‘tkazishga ko‘maklashuvchi turli sport to‘garaklari va ma’naviy – ma’rifiy tadbirlarga jalb etish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Xaftaning har payshanba kunlari fakul’tetda ma’naviyat kuni deb hisoblanib, ushbu kunda gurux murabbiylari rahbarligida talabalar shahrimiz teatrlariga, muzeylarga, faxriylar ziyoratiga, shaharda o‘tkaziladigan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga tashrif uyushtiradilar. O‘quv yili davomida gurux murabbiylari tomonidan haftaning chorshanba kunlari “Axborot – tarbiya soatlari ” o‘tkaziladi.

Fakul’tet talabalar turar joyida yashovchi talabalarning yashash sharoitlarini yanada yaxshilash va nazoratga olish, o‘qishga tayyorgarlik va dam olish vaqtlarini mazmunan boyitish maqsadida professor- o‘qituvchilarning talabalar turar joyida navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, fakul’tet tarkibidagi barcha kafedralar talabalar turar joyida “Kafedra kunlari ” ni o‘tkazishi an’ana tusini olgan.

Fakul’tet ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy faoliyatining yana bir muhim ko‘rsatkichlaridan biri talabalar ota-onalarining institut raxbariyati, professor-o‘qituvchilar bilan muntazam aloqasini yo‘lga qo‘yish, vaqti-vaqti bilan ularning uchrashuvlarini – jonli muloqotlarini o‘tkazish talabalar tarbiyasini yaxshilash, davomatni ko‘tarish ishlarida yaxshi samara bermoqda.

Ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha fakul’tet talabalari muammolarini o‘z vaqtida aniqlashtirish va hal qilishga qaratilgan “Ochiq eshik kuni” tashkil etilgan, shu bilan birga “Taklif va mulohazalar qutisi” (adolat qutisi)da bildirilgan fikrlar va muammolar o‘z vaqtida o‘rganilib tegishli chora tadbirlar ko‘rib borilmoqda.

Fakul’tetdagi iqtidorli talabalarni izlab topish, ularni turli tanlov va musobaqalarga jalb etish, nomdor stipendiyatlar tayyorlash yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 2013 yilda TVIT ta’lim yo‘nalishi talabasi Odilov I. Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi.

 “Kamolot” YoIH faollarining murojaatnomasi asosida fakul’tetda haftaning har shanba kuni “Ozodalik va tozalik kuni” deb e’lon qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bag‘ishlangan  devoriy gazetalar akademik guruxlar tomonidan tayyorlandi. “Siz qonunni bilasizmi? ” nomli insholar tanlovida fakul’tetimiz talabalari faxrli o‘rinlarni egalladilar. 

14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” bayrami munosabati bilan fakul’tetda o‘tkazilgan tadbirda urush va mehnat faxriylari, zaxiradagi ofitserlar, professor – o‘qituvchilar va talabalar qatnashib, unda teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, bayram munosabati bilan talabalar turar joyida turli sport musobaqalari tashkil etilib g‘oliblar taqdirlandilar.

Farg‘ona viloyati va shahri IIB xodimlari bilan hamkorlikda “Harakat xavfsizligi oyligi” ga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlar o‘tkazildi. Shu bilan birga Farg‘ona shahar FVV xodimlari bilan hamkorlikda fakul’tet talabalari o‘rtasida zilzila, suv toshqini, avto halokatlar sodir bo‘lganda odamlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va qutqarish usullari to‘g‘risida tadbir o‘tkazildi.

Muntazam ravishda fakul’tetda tahsil olayotgan qizlar bilan viloyat Qizil yarim oy jamiyati, tibbiyot xodimlari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda.  

-->