Rektor virtual
qabulxonasi

Farg'ona politexnika instituti

O'zbekiston kelajagi uchun yetuk, barkamol va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash!
2015-yil mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Konstitutsiyasining 22-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi barcha yurtdoshlarimiz qatori biz, mahalla faollarini ham behad ruhlantirib yubordi. Prezidentimiz 2015-yilni mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili, deb e’lon qilgani ko‘nglimizni tog‘day ko‘tardi. 

Yurtboshimiz tashabbusi bilan har bir yilning xalqimiz ezgu orzu-intilishlariga monand tarzda muayyan nom bilan atalayotgani ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, ma’naviy sohalarni ravnaq toptirish, bu yo‘nalishdagi dolzarb masalalarni o‘z vaqtida hal etish, istiqboldagi rejalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Inson qaysi yoshda bo‘lmasin, avvalo, o‘zining kerakligini, yon-atrofdagilar nazarida ekanligini his qilishi kerak. Ana shunda u ham ma’naviy, ham jismoniy jihatdan faol bo‘lishga intiladi. Hozirgi yoshlarga havasim keladi. Til o‘rganishni xohlaydimi, sport bilan shug‘ullanadimi, nima xohlasa, barchasi muhayyo etilgan. 

Mahallamizda bir nechta chempionlar bor. Ularga havas qilgan o‘n yoshli nabiram Abdullo yunon-rum kurashi bo‘yicha shahar birinchiligida g‘olib bo‘ldi. Kelgusida orzulari ulkan. O‘n to‘rt yoshli Kamronbek «Paxtakor» komandasining yoshlar guruhi ishtirokchisi. Kelgusida jahon arenalarida to‘p surish niyati bor. Yana bir nabiram Muxlisaxon o‘n beshda. Jurnalist bo‘lmoqchi. O‘tgan yili kitobi chiqdi. O‘n uch yoshli Irodaxon ingliz tilida mukammal so‘zlasha oladi. Bir qator xalqaro tanlovlar ishtirokchisi. Ular erishayotgan yutuqlarning barchasi mamlakatimizda yosh avlodni yetuk insonlar qilib tarbiyalash borasida olib borilayotgan islohotlar tufaylidir. 

Biz, keksalar ham cheksiz mehr va e’tiborni his etib yashamoqdamiz. O‘zimdan qiyos: yoshim yetmishda. Bir necha yildan buyon Olmazor tumanidagi «Eski shahar» mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib faoliyat yuritayotirman. 2013-yilda Prezidentimiz farmoni bilan «El-yurt hurmati» ordeniga sazovor bo‘ldim. 

Mahallamizdagi yoshi ulug‘ insonlar bilan maslahatlashib, bir qator xayrli yumushlarni amalga oshirmoqdamiz. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldi olinib, qizlarni erta turmushga uzatish, huquqbuzarlik, oilaviy ajrimlar kabi holatlar so‘nggi yillarda qayd etilmadi. 

Mahallamiz hududidagi 14-oilaviy poliklinika bilan hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani xotin-qizlar, ayniqsa, keksalar salomatligini doimiy nazorat qilib borish, zarur hollarda ularga tibbiy maslahat, davolash muolajalarini ko‘rsatishga xizmat qilmoqda. Haftaning dushanba kuni Nuroniylar kuni deb e’lon qilingan. Shu kuni hamshiralar, shifokorlar, mahalla faollari keksalarning uyiga borib, salomatligini nazorat qiladi, kerakli maslahatlar beradi. 

Keksalarimiz ko‘magida millatlar, turli diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi ahillik, o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, yoshlarni yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar sohiblari etib tarbiyalash doimiy e’tiborda. Mahallamizda «Orasta qizlar» to‘garagi tashkil etilgan bo‘lib, uning a’zolari boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz qariyalarga biriktirib qo‘yilgan. 

«Oila – mahalla – ta’lim muassasasi» hamkorligi natijasida mahallamiz hududidagi maktabning ta’lim-tarbiya jarayoni jamoatchilik nazoratiga olingan. Bu o‘quvchilarning turli fan, badiiy ijodiyot, sport-sog‘lomlashtirish to‘garaklari ishini yanada yaxshilash, yuqori sinf o‘quvchilarini akademik litsey va kollejlarga to‘liq qamrab olish, bolalar sportini rivojlantirish imkonini bermoqda. Mahalla hududida tashkil etilgan milliy kurash to‘garagiga 200 nafardan ortiq bola qatnaydi. 

Keksalar bor oilalar fayzli, qut-barakali, yoshlari odobli, mehribon bo‘ladi. Qizlar, kelinlar rejali bo‘lish, oila tutish madaniyati, qaynota-qaynonaga, turmush o‘rtog‘iga, farzandlariga munosabatni ulardan o‘rganadi. Ularning imkoniyati, tajribalaridan foydalansak, e’tibordan chetda qoldirmasak, ruhi tetik, bardam-baquvvat bo‘ladilar. 

-->