Rektor virtual
qabulxonasi

Farg'ona politexnika instituti

O'zbekiston kelajagi uchun yetuk, barkamol va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash!
2014-Sog'lom bola yili

“O’zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 6 dekabr  kuni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 21 yilligiga bag’ishlangan tantanali yig’ilish bo’lib o’tdi. Unda davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, mamlakatimizda faoliyat ko’rsatayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Yig’ilishni Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ochdi.

O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tantanali yig’ilishda ma’ruza qildi.

Davlatimiz rahbari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, Vatanimiz taraqqiyoti va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning huquqiy kafolati bo’lib kelayotganini ta’kidladi.

Konstitutsiyamiz normalarining hayotga tatbiq etilishi jamiyatimizda qaror topgan tinchlik va hamjihatlikda, hayotimizga yangicha mazmun bag’ishlayotgan islohotlar samarasida, odamlarimizning o’zgarib borayotgan ongu-tafakkurida, har bir oila, har bir inson hayotida o’z ifodasini topmoqda.

Ushbu tarixiy sanani bayram qilar ekanmiz, milliy davlatchiligimiz asoslarining mustahkamlanishi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning izchil rivojlanishi, aholi turmush darajasining yuksalishi, mamlakatimizning xalqaro ham jamiyatdagi o’rni va nufuzi ortishi – bularning barchasida Asosiy qonunimizning ahamiyati yuksak ekanligini yanada teran anglaymiz.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bayramining yana bir muhim jihati, shu kuni xalqimizning ezgu intilishlarini ifoda etadigan, jamiyatimiz rivojiga xizmat qiladigan eng 

ustuvor yo’nalishlar belgilab olinadi va kelgusi yilga shunga muvofiq nom beriladi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2013 yil Obod turmush yili deb e’lon qilingan edi.

«Obod turmush yili» Davlat dasturi asosida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, aholi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirildi.

 

Xalqimizning hayot sifati va darajasini yuksaltirish, maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash, yangi uy-joylar va infratuzilma ob’ektlarini qurish, mahallalarni obod etish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini yanada yuksaltirish, orzu-intilishlarini qo’llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Vatanimizni har tomonlama obod qilish, xalqimiz yanada tinch va farovon yashaydigan hayot barpo etish yo’lidagi bunday ishlar izchil davom etmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov kirib kelayotgan yangi – 2014 yilni mamlakatimizda “Sog’lom bola yili”deb e’lon qilishni taklif etdi. Davlatimiz rahbarining bu taklifi yig’ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan qo’llab-quvvatlandi.

Tantanali marosim san’at ustalari va yosh ijrochilarning bayram kontserti bilan yakunlandi.

-->