Rektor virtual
qabulxonasi

Farg'ona politexnika instituti

O'zbekiston kelajagi uchun yetuk, barkamol va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash!
“Barqaror rivojlanish maqsadlarida eng yaxshi yoshlar tashabbusi” tanlovining eng yaxshi loyiha mualliflari munosib taqdirlandilar

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurti talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlarida eng yaxshi yoshlar tashabbusi” ko‘rik-tanlovining yakuniy natijalari hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rik-tanlov Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekistondagi Buyuk Britaniya elchixonasi hamda O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – oliy o’quv yurtlari ma’muriyati, o‘qituvchilar, talabalar va tadqiqotchilarni keng jalb etgan holda yoshlarning ijtimoiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Tanlovga O‘zbekistondagi 22 ta o‘quv muassasasidan qariyb 450 ta talaba tomonidan ishlangan 150 ta loyihalar taqdim etildi. Barcha arizalar ingliz tilida yozilib, ularning eng ko’plari quyidagi oliy o‘quv yurti talabalaridan keldi: Buxoro davlat universiteti, Nukus davlat pedagogika instituti, Samarqand chet tillari instituti, Farg‘ona politexnika instituti, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti hamda Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti, Xalqaro iqtisodiyot va diplomatiya universiteti, Toshkentdagi Inxa universiteti va boshqa o‘quv muassasalari.

Talabalar o‘z loyihalarida ba’zi dolzarb masalalar yechimiga takliflar taqdim etishgan. Xususan, organik, plastik, qog‘oz va shisha chiqindilarni alohida to‘plash orqali chiqindilarni boshqarish, mahalliy barqaror iqlimga moslashgan o‘simliklarni ekish orqali universitet hududini ko‘kalamzorlashtirish va h.k. Loyihalarning asosiy qismi barqaror rivojlanish doirasida seminar, trening va konferensiyalar o‘tkazish orqali talabalarda ekologiya muammolariga qiziqish uyg‘otish hamda xabardorligini oshirishga, suv resurslarini boshqarish va ulardan ikkilamchi foydalanish masalalariga qaratilgan. Shu bilan bir qatorda, ishtirokchilar energiya tejamkorligi masalasini sinchiklab o‘rganishdi va bir-biridan qiziq g‘oyalarni o‘rtaga tashlashdi (energiya iste’moli uchun sensor nazoratni joriy qilish), jumladan, universitetlarda “yashil” arxitektura va dizayn yaratish, atmosfera havosini tozalash, o‘quv jarayoniga elektron yechimni, qishloq xo‘jaligiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ijtimoiy tadbirlarni tashkil qilish, energiya alternativ manbalaridan foydalanish va samaradorligini oshirish.

Tanlovga taqdim etilgan barcha loyihalar hay’at a’zolari – ekologiya va barqaror rivojlanish sohasidagi yetakchi mutaxassislar, mustaqil ekspertlar hamda britaniyalik hamkorlar tomonidan sinchiklab o‘rganildi. Hay’at a’zolari xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti va Buxoro davlat universiteti talabalari “Barqaror rivojlanish maqsadlarida eng yaxshi yoshlar tashabbusi” ko‘rik-tanlovi g‘olibiga aylanishdi. Tanlov g‘olibi joriy yilda Buyuk Britaniyaga safar qilish va u yerdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha fikrlar almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, g‘olib tanlov loyihasini amaliyotga tatbiq etish uchun 7 mln. so‘m mukofotga ega bo‘ladi. Eng yaxshi loyihalarning mualliflari, shu jumladan bizning kimyo-texnologiya fakulteti talabalari Sulaymonov Rustamjon, Isaqov Burxon va Axmedov Sherzodlar ham rag‘batlantiruvchi sovg‘alar va sertifikatlar bilan taqdirlandilar.

Tadbir davomida barqaror rivojlanish borasida talabalarning tashabbuskorligi hay’at a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, yana loyihalar ustida yanada jiddiy ish olib borish, ularni to‘ldirish, bunda professional darajadagi yetakchi ekspertlarni jalb qilish, shuningdek, yurtimiz o‘quv muassasalarida zarur “yashil” infratuzilmasini yaratish taklifi berildi. Mazkur tashabbus tijorat vakillari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, “Toshrangmetsavod recycling” korxonasi tomonidan tanlovda ishtirok etgan 15 ta oliy ta’lim muassasasiga, xususan bizning institutga ham chiqindilarni saralab to‘plashga mo‘ljallangan qutilar o‘rnatiladi.

Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi, Alternativ energetika klubi, Davlat Ekologiya qo‘mitasi Jamoatchilik Kengashi ko‘magida “Yashil start-aplar”ni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va amaliyotga tatbiq etish maqsadida muntazam uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

 
-->